Nov 18, 2015

Google so‘rovlarga avvalgidan ko‘ra ancha to‘liqroq javob beradigan bo‘ldi

16-noyabr kuni Google o‘zining izlash tizimi endilikda ancha donoroq bo‘lgani haqida e’lon qildi. Ma’lum qilinishicha, Google hozirda unga beriladigan so‘rovlarning tub mohiyati va maqsadini avvalgidan ko‘ra yaxshiroq tushunadigan hamda qiyinroq — uzun, katta va shunga o‘xshash savollarga batafsil javob beradigan bo‘lgan.
Bu yangilik bizga sodda ko‘rinishi mumkin, ammo Google’ning izlash xizmati bo‘limida loyiha menejri bo‘lib faoliyat yuritadigan Satyajit Salgar savollarga yanada to‘liqroq javob berishni kompyuterlarga tushuntirish ancha qiyin bo‘lganini ta’kidlaydi.
U bunga misol qilib “Texasdagi eng katta shaharlar qaysi?” savolini keltiradi. Rostdan ham, buni juda ko‘pchilik bilmaydi va unga javob topish uchun bir nechta manbani izlash kerak. Google’ning yangi izlash algoritmi esa bir necha soniyada bunday savollarga javob topish darajasida dono bo‘ldi, deydi u.
Shuningdek, Google endi sanalarga ham ko‘proq e’tibor qaratadigan bo‘lgan. Masalan, “1988-yilda Janubiy Dakota aholisi qancha bo‘lgan?” kabi savollarga ham izlash tizimi endilikda javob bera oladi.
Shu bilan birga Google’dan bir nechta qismlardan iborat bo‘lgan savollarni so‘rash mumkin va u bunday savollarga ham bir nechta faktlarni birlashtirib javob bera oladi. Bunga misol qilib esa, “Beysbol bo‘yicha ‘Angels’ jamoasi g‘olib bo‘lganda, AQSh prezidenti kim edi?” savoli keltirilgan.

No comments: