Aug 15, 2015

USB-modem uchun antenna?! Uni o'zingiz yasab olishingiz mumkin!

go
USB-modemlar chiqqandan keyin oddiy telefondan ko‘ra Internet yaqinroq bo‘lib qoldi. Demoqchimanki, uy telefoni yo‘q joylarda ham, uyali aloqa orqali bemalol Internetga ulanmoqdamiz.
Inson noshukr bo‘ladi-da. Oldin shu ham yo‘q edi, boriga rahmat demaymiz. Qayerga bormaylik, «Ucell» antennasi ushlamayapti», «Bilayn» Interneti o‘lib qolgan» kabi nolishlarni eshitamiz. Bugun birgalikda ana shu «antennani ushlatish» va «o‘lgan» Internetni «tiriltirish»ni o‘rganamiz.
Buning uchun chuqur bilim, laboratoriya jihozlari va ko‘p vaqt kerak emas. Kundalik hayotda ishlatiladigan narsalar yordamida, ham uy ichida, ham tashqarida, kerak bo‘lsa yomg‘ir, qor ostida ham ishlayveradigan 3G USB-modem antennasini yaratamiz.

Bizga kerak bo‘ladigan ashyolar:
1) USB kabel-uzaytirgich, iloji bo‘lsa uch metrdan uzunroq;
2) bo‘sh polietilen butilka (baklajka), imkon boricha kattaroq hajmdagisi;
3) folga qog‘oz (masalan, sigaret qutisidan yoki shokolad o‘ramidan);
4) izolenta;
5) pichoq.

USB-antenna tayyorlashga kirishamiz

Butilkani olib, uning o‘rtarog‘ida, uzunasiga darcha ochamiz. Darchaning kattaligi 3G modemning o‘lchamiga teng bo‘lsin:

Ochilgan darchaning «eshigi»ni tashqariga bukamiz va unga izolenta (skotch) bilan modemni mahkamlaymiz. Baklajkaning og‘zidan kabel kiritamiz va uni modemga ulaymiz, keyin «darcha»ni yopamiz:
Ishning yarmi bitdi. Antennaning asosiy qismi – tarqatgichga ega bo‘ldik. Lekin, bunday holda modem signali aylanasiga singgib, besamar ketadi. Butilka haqiqiy antennaga aylanishi uchun, tarqatish imkon qadar bir yo‘nalishda bo‘lishiga erishish kerak bo‘ladi.
Ishni qiyomiga yetkazamiz
Buning uchun butilkaning modem mahkamlangan (darcha ochilgan) devorining qarshi tomoniga tashqi tarafdan folga yopishtiramiz – qaytargich yasaymiz. Bunda ham izolenta yoki skotchdan foydalanamiz. Qaytargich modem uzunligidan ikki barorbar katta bo‘lishi, eni esa, butilkaning taxminan yarmini enlashi kerak.
Agar ichkariga suv tushishidan xavotirlanmasangiz, qaytragichning tepa va past qismlari (4-5 sm.) va ikki yonidan baklajkani kesib, uning chetlarini butilka aylanasiga nisbatan bukilgan holatga keltirish mumkin. Bunda uning shakli optimal holatga yaqin keladi.Shu bilan USB-antennamiz signalni kuchaytirishga tayyor, uni qulay joyga, butilkaning og‘zini pastga qilib, uzunasiga osamiz. Bunda modem bizga eng yaqin bo‘lgan uyali aloqa baza stansiyasi tomonga qarab tursin.
Yaxshilab harakat qilinsa, 3G modem uchun bunday antennani tayyorlashga ko‘pi bilan o‘n-o‘n besh daqiqa vaqt ketadi, signal sifati esa, ayniqsa 5 litrli katta baklajkadan foydalanilsa, sezilarli darajada yaxshilanadi.
Agar mana shunday antennaga modem emas, Bluetooth-adapter o‘rnatilsa, Bluetooth signalini ham kuchaytirsa bo‘ladi. Masalan, oddiy holatda 50 metr radiusdagi qurilma «ko‘rinadigan» bo‘lsa, qo‘lbolqa antenna yordamida ancha uzoqdagi kompyuterni ham «ko‘rsa» bo‘ladi. Faqat, bunda narigi kompyuter ham xuddi shunday signal kuchaytirgich bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Tabiiyki, gap Bluetoothli kompyuterlar haqida ketmoqda.

No comments: